Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22 noyabr 2018 y. - 31 yanvar 2019 y.

2017 yilning 13 oktyabrida davlatimiz rahbari elektr energetika sohasidagi kamchiliklarni, masalan, tizimda yangilikka intilishning yetishmasligi, o‘zibo‘larchilik va talon-torojlik holatlarini jiddiy tanqid ostiga olib, bu holatlar soha rivojiga to‘siq bo‘layotganini qayd etgan edi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5059-sonli farmoni qabul qilingan edi. Bu hujjatlar talablarini bajarish asnosida elektr energetika sohasini bosqichma-bosqich rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va sotish tizimida jahon tajribalariga mos iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish kabi keng islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo hali tizimda yechimini kutayotgan muammolar anchagina. Shu ma’noda Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 23 oktyabrda tizimga oid yana bir huquqiy hujjat — “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror e’lon qilindi. Xo‘sh, bu yangi qaror tizimning qanday kamchiliklarini bartaraf etishga xizmat qila oladi? Ushbu qaror doirasida qilinishi lozim bo‘lgan birinchi darajali ishlar nimalardan iboratligini bilish uchun “O‘zbekenergo”AJ Energosotish filiali direktori Botir Alimov bilan suhbatda bo‘ldik.

— Davlatimiz rahbarining mazkur qarorlari elektr energiyasi sohasida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSH dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, jalb qilinadigan kreditlar va “O‘zbekenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2 500 ta transformator punktini o‘rnatish va modernizatsiya qilish ishlari ham mazkur qaror bo‘yicha belgilab qo‘yildi.

— Yangi qaror talablariga ko‘ra, tizimning “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Birinchi navbatda “Yo‘l xaritasi”da tizimning qanday muammolarini hal etish nazarda tutilyapti? Iste’molchilar uchun belgilangan imkoniyatlar haqida ham izoh bersangiz.

— Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan iste’molchilarga uzluksiz va sifatli elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish hamda kengaytirish, eskirgan energobloklarni modernizatsiya qilish belgilab qo‘yildi. Shu bilan bir qatorda, elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini, ayniqsa kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlarni qabul qilish kabi dolzarb masalalar ushbu muhim hujjatga asosan bosqichma-bosqich amalga oshirilib boradi.

2021 yilgacha avtomatlashtirilgan tizimga to‘liq o‘tiladimi?

— Tizimni takomillashtirishning birinchi bosqichida iste’molchilarning 7 mln.i avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimiga ulanarkan... To‘liq ulanishga 2021 yilgacha erishish qanchalik haqiqat?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi qaroriga asosan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi o‘rinlarda — EEHO va NQAT) 7 mln. iste’molchilarni ulash, 2021 yil yakuniga qadar EEHO va NQAT qamrovini abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkazilishi belgilangan.

Bugungi kunda Osiyo taraqqiyot banki kredit­ mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 2 avgustdagi PQ-1795-son Qaroriga asosan joriy etilayotgan “Elektr energiya iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. O‘zbekiston Respublikasining Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlari 0,4 kVt. iste’molchilarini elektr energiyasi iste’molini hisobga olish tizimi” loyihasi jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid yangi qarori bilan EEHO va NQAT respublikaning qolgan hududlarida ham 2021 yil yakuniga qadar joriy qilinishi belgilangan va ushbu loyihani amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar hukumat tomonidan yaratib berilmoqda.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi to‘liq ta’minlanadi.

Avtomatlashtirilgan tizim qanday ishlaydi?

— iste’molchi bilan ta’minotchi o‘rtasida aniq hisob-kitob yo‘lga qo‘yiladi;

— iste’molchi o‘zining hisobi (balansi) holati bo‘yicha doimiy xabardor etib boriladi;

— qarzdorligi mavjud iste’molchi tizimdan o‘chiriladi va to‘lovni vaqtida amalga oshiradigan iste’molchilarga uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi yetkazib berilishi ta’minlanadi;

— iste’molchilar elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitob qilish imkoniyati yuzaga keladi.

Iste’molchidan korxona zimmasiga yuklatilgan vazifa

— Hisoblagichlarni davlat qiyoslovidan o‘tkazish korxona tomonidan amalga oshirilarkan. Buning tartibini ham tushuntirib bersangiz...

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-son qarorining 2-bandiga muvofiq, maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olishning zamonaviy uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishli ravishda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari hamda gaz ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

MA’LUMOT UCHUN:

Bugungi kunda respublika bo‘yicha:

ü iste’molchilarning soni jami 6864714 ta;

ü ularga yetkazib beriladigan elektr energiyasining o‘rtacha bir yillik hajmi qariyb 46,8 mlrd. kVt. soatni tashkil etadi.

Eskirgan simyog‘ochlardan qachon qutulamiz?

— Endi aholini uzoq yillar mobaynida qiynagan masala: elektr ta’minotidagi uzilishlarga to‘xtalsak... Yangi qaror bilan tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi”da bu masala qanday qamrab olinishi rejalashtirilmoqda?

— Respublikamizning ayrim hududlari bo‘ylab elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar hanuzgacha bo‘lib turibdi. Buni turli ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot saytlari orqali o‘qib turibmiz. E’tibor beradigan bo‘lsak, bunday uzilishlar va avariyaviy o‘chishlar har yili kuz-qish mavsumiga o‘tish davrida takrorlanib turadi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Sir emaski, mamlakatimizdagi hozirgi vaqtda ish faoliyatida bo‘lgan energetika qurilmalari o‘tgan asrning 30-yillarida ishga tushirilgan bo‘lib, ularning deyarli 67 foizi eskirgan. Mazkur qaror bo‘yicha tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"ga asosan 7,1 ming km. elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, "O‘zbekenergo" AJ tomonidan "Obod qishloq" hamda "Obod mahalla" davlat dasturlari asosida o‘z mablag‘lari va xorijiy investitsiyalar orqali butun respublika bo‘ylab rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Bir abonentga 300 kilovatt

— Yaqinda qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, iste’molchilarga iste’mol chegaralari belgilanadigan bo‘ldi. Bu loyihaning amalga tatbiq etilishi tizim islohotida qanday muhim o‘rin tutadi?

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida iste’molchilar tomonidan elektr energiyasini tejash hamda maqsadli foydalanish maqsadida maxsus tizim yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, aholi iste’moli uchun elektr energiyasi bazaviy normasi oyiga bir abonentga 300 kVt. soat qilib belgilanadi. Iste’molchi belgilangan muddatda bazaviy normadan ortgan qismi uchun — belgilangan tarifga 1,2 baravar o‘suvchi koeffitsientni qo‘llash amaliyotini joriy etish belgilandi. Agar ushbu tajriba muvaffaqiyatli sinovdan o‘tsa, 2019 yilning 1 iyuliga qadar elektr energiyasi iste’moli bazaviy me’yorlarini respublika bo‘yicha amalda qo‘llanishi joriy etiladi.

Eng ko‘p tilga olingan masala

— So‘nggi 10 oy davomida iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarda eng ko‘p tilga olingan masala nima? Bu sarhisob tizimda qanday muammolar yechimini kutayotganini ko‘rsatadi...

— Bugungi kunda “O‘zbekenergo” AJga kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi hududlarda vujudga kelayotgan elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar hamda ta’minotdagi cheklovlar to‘g‘risida bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida sohada olib borilishi lozim bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatadi.

Xulosa o‘rnida

Demak, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina, ammo bu qachon, qancha vaqt talab etishi oldindan ma’lum emas. Tizimga oid “Yo‘l xaritasi” asosida sanab o‘tilgan muammolar tezroq barham topishiga umid qilishdan boshqa chora yo‘q. Yana bir gap: oramizda suv, gaz, elektr energiyasi kabi tabiiy resurslarni hamon tuganmas manba, deb hisoblovchilar topiladi. Ammo “yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi”, degan naql bor xalq orasida. Yani, tabiiy resurslarni o‘ylovsiz, o‘lchovsiz va hisob-kitobsiz hamda samarasiz sarflash ham ana shunday yemirilishlarga olib kelishi, shubhasiz. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: elektr energiyasi zaxiralaridan xavotirga o‘rin bormi yoki yo‘q? Bu savolga soha vakili bergan izoh bilan mavzuga xulosa yasaymiz:

— E’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi yillarda butun dunyoda energiya resurslariga bo‘lgan talab nihoyatda oshib bormoqda. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi esa jahonda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishni ko‘rsatadi. Bu borada O‘zbekistonda ham bir qator amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib AES qurilishiga start berildi. Bu bilan esa yaqin kelajakda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun zamin yaratilmoqda, deb aytish mumkin.

"DARAKCHI" gazetasidan


Shaxsiy kabinet

maishiy iste'molchilar uchun
  • Elektr energiyasi uchun to'lov qulaylik
  • SMS to'lovlar xabardor
  • Axborot SMS xabar
  • Nazorat xarajatlar
Kabinetga o`tish
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech