Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
11 Jun 2018

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning yangi tarixiy bosqichini boshlab berdi. Ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish, oliy ta’lim va akademik tadqiqotlar, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida hamkorlik, O’zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonidagi hamkorlik borasida o‘zaro anglashuv, 2018 yilda Toshkentda Markaziy Osiyo savdo forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvlar ushbu tashrifning amaliy natijasi bo‘ldi.

Barchamizga ma’lumki, AQSh iqtisodiy jihatdan jahondagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Dunyo yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan bir qismi aynan ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, aholisining daromadlari yuqoriligi bo‘yicha ham yetakchilar qatorida turadi. Ayni shu omillar har qanday davlatni AQSh bilan iqtisodiy hamkorlik qilishga undaydi, albatta.
Bugungi kunda yurtimizda 181 ta O’zbekiston — AQSh korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 46 tasi to‘laligicha Amerika kapitali asosida tuzilgan.

Bu borada mamlakatimiz iqtisodiyotining asosi tayanchi bo‘lgan bo‘lgan energetika sohasida ko‘p yillik hamkorlik ham fikrimiz isbotidir. Hozirgi kunda malakatimizda AQShning “Sky Power Global”, General Electric”, “Honeywell” kabi soha kompaniyalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgan.

Yurtimizda energiya samaradorligini ta’minlash, muqobil energiyani rivojlantirish bo‘yicha katta qadamlar tashlangan. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan islohatlarda ham AQShning sezilarli hissasi bor.

O’zbekiston Respublikasi bilan AQSh o‘rtasida davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va Nyu-York shahrida 2017 yil 20-21 sentyabrda o‘tkazilgan O’zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Amaliy tadbirlar rejasiga - muvofiq davlat-xususiy kompaniya sherikligi prinsiplari asosida quyosh elektrostansiyalarini qurish va ulardan foydalanish uchun “Sky Power” kompaniyasi investitsiyalarini jalb qilish, O’zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish imkoniyatini birgalikda baholash nazarda tutilmoqda.

“O’zbekenergo” AJ bilan “Sky Power Global” kompaniyasi o‘rtasida 2018 yilning 19 aprel kunid Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim tuzildi. Mazkur bitimga muvofiq “Sky Power Global” kompaniyasi umumiy quvvati 1000 MVt teng fotoelektrik quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha ob’ektlarni loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish, ularga egalik qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun 1,3 mlrd. AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb qiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi «O’zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish» qaroriga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15-17 mayda AQShga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida imzolangan investitsion-texnologik, bank-moliya va savdo-iqtisodiy sohalardagi hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasiga “Sky Power Global” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1000 MVtga teng quyosh elektrostansiyasini qurish va elektroenergiyani sotib olish to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kiritildi.

Ma’lumki, AQSh innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar sohasida yuksak natijalarga erishgan bo‘lib, ilm-fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, yangi kashfiyotlarni eksport qilish, ixtiro va eng ilg‘or ilmiy ishlanmalar borasida yetakchi mamlakat hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, O’zbekiston iqtisodiyotidagi modernizatsiya jarayoni tobora chuqurlashib borayotgan hozirgi sharoitda mamlakatimizga AQSh innovatsiyalari va texnologiyalarini jalb etish biz uchun prinsipial ahamiyatga molik masala hisoblanadi. Zero, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar nafaqat iqtisodiy o‘sishning muhim kafolati, balki ijtimoiy munosabatlarni zamonaviy tarzda tashkil qilish omili hamdir.

2017 yil sentyabrda amalga oshirilgan AQShga davlat tashrifi davomida “O’zbekenergo” AJ rahbariyatining “General Electric” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha mintaqaviy direktori janob Bella Ferensi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “O’zbekenergo” AJning bo‘lajak loyihasini aniqlab olish uchun quvvati 450-650 MVTga teng bug‘-gaz qurilmasini qo‘shimcha o‘rganish va qiyosiy tahlil qilish masalalari muhokama qilindi.

“General Electric” kompaniyasi vitse-prezidenti, Rossiya hamda MDHdagi “General Electric” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori janob Ron Polletning O’zbekiston Respublikasiga shu yil fevral oyidagi tashrifi yakunlari bo‘yicha “General Electric” kompaniyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Toshkent IESda quvvati 660 MVtga teng GE H toifasidagi turbinalar asosida bug‘-gaz qurilmasinini qurish bo‘yicha chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15-17 mayda Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida “General Electric” kompaniyasi bilan Toshkent IES hududidagi bug‘-gaz qurilmasi asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim va “General Electric” kompaniyasi bilan Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hududida yuqori kulchan ko‘mirni yoqish evaziga elektr energiyasini ishlab chiqarish texnologiyasini tanlash va qurish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Bundan tashqari, bugungi kunda “General Electric” kompaniyasi “Toshkent IESda quvvati 370 MVtga teng bug‘-gaz qurilmasinini qurish” loyihasi bo‘yicha asosiy uskunalarning (gaz va bug‘ turbinalari) yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda loyha bo‘yicha 370 MVt loyiha quvvatiga chiqish uchun ishga tushirish-sozlash ishlari yakunlandi.

“Taxiatosh IESda quvvati 230-280 MVtdan bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsion loyiha doirasida “General Electric” kompaniyasi GT1 Gaz turbinasi, GT2 gaz turbinasi uskunalari va gaz turbinasi generatorining yetkazib beruvchisi etib belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish bilan birga, O’zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratdi. Hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘targan ushbu tashrif davomida o‘zaro ishonchning yuqori darajasiga erishildi. O’zaro munosabatlardagi tarixiy voqea bo‘lgan ushbu tashrif natijalari ikkala mamlakat xalqining ravnaqi yo‘lida xizmat qilishi shubhasiz.
Manba: не указан
Просмотров: 539

Shaxsiy kabinet

maishiy iste'molchilar uchun
  • Elektr energiyasi uchun to'lov qulaylik
  • SMS to'lovlar xabardor
  • Axborot SMS xabar
  • Nazorat xarajatlar
Kabinetga o`tish
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech